воскресенье, 15 марта 2015 г.

Bu ham o'tib ketadi...

Bir kuni oyim uyimizga "96 mumtoz faylasuf" nomli kitobni olib keldilar. Kitobni bir marta o'qib chiqdim-u, uyimizga kitob emas haqiqiy durdona kelganiga amin bo'ldim. Undagi  faylasuf, donishmand va adiblarning taqdiri, hikmatli so'zlari va nasihatlari har bir insonning hayot yo'liga nurafshon chirog' bo'la oladi. Ba'zan tushkunlikka tushgan paytimda kitobni bir marta varoqlab chiqaman va tushkunligimga sabab bo'lgan narsaning aslida arzimas ko'ngilsizlik ekanligini anglab yetaman. Kitobning ilk sahifasida Hazrat Sulaymon haqida ma'lumot berilgan. Rivoyat qilishlaricha Hazrati Sulymonning "Bu dunyoda hamma narsa o'tkinchi",-degan so'zlar o'yib yozilgan uzugi bo'lgan. Sulaymon hayotining qayg‘uli onlarida uzukdagi ana shu hikmatli bitikni o‘qib, taskin topgan.
Bir kuni uning boshiga shunday baxtsizlik tushadiki, uzukdagi so‘zlar dardiga malham bo‘lolmaydi. Sulaymon g‘azab bilan uzukni yechib, otib yuboradi va dumalab borayotgan uzukning ichki tomonida ham allaqanday bitik borligiga nogahon ko‘zi tushadi. O’rnidan turib, uzukni qo‘liga oladi-da, bitikni o‘qiydi. Uzukning ichki tomonida: «Bu ham o‘tib ketadi», — degan yozuvlar bor edi. Sulaymon achchiq kulimsirab, uzukni barmog‘iga taqadi va umrining oxirigacha uni yechmaydi.

Bu hikmatni o'qiganimdan so'ng, bu so'zlarning qanchalik insonga tasalli bera olishini o'zimda sinab ko'rmoqchi bo'ldim. Afsuski, bahtga qarshi menda Hazrati Sulaymonning uzugi yo'q ammo tez-tez ko'zim tushadigan, har joyda ko'pincha menga hamrohlik qiladigan telefonimning bosh sahifasiga shu ikki iborani yozib qo'ydim. Hayot yo'li doim ham bir tekis, ravon bo'lavermaydi. Unda  katta va kichik ko'ngilsizlar uchrab turaverar ekan. Uni qanchalik arzimas yoki qayg'uli bo'lishidan qat'iy nazar inson qalbi tushkunlikka tushishga moyilligi sababli vaqtida o'z irodamizni qo'lga olmay qolamiz. Men uchun endi hafa bo'lgan damlarimda mana shu ikki iboradanda ko'proq tasalli bera oladigan so'z topilmasa kerak. Shunchaki shu so'zlarni o'qiyman va hech narsa bo'lmagandek tabassum qilaman. Hayot esa davom etaveradi. Siz ham sinab ko'ring, foydasi albatta tegadi.Hayot yo'llaringizda shu so'zlarga qarashga majbur etadigan damlarning bo'lmasligini tilab, sirdoshingiz Mohinur. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий