понедельник, 16 марта 2015 г.

Orzumga yetishdim, Allohga shukr...

Assalomu alaykum. Sirdoshim, yodingizda bo'lsa sizga bolaligimdan buyon qalbimda saqlab kelgan orzuyim haqida aytgan edim. "Inson bir narsani chin dildan orzu qilsa, yer-u samo uni shu orzusiga yetishtirish payida bo'ladi"-deb eshitgandim qaysidur filmda. Bugun esa bu gapni qanchalar haqiqatga yaqin ekanligini anglab yetdim. Qalbimga tugib qo'ygan eng samimiy orzularimdan biri amalga oshdi. "Sohibjamol va mahluq" multfilmida ko'rib, ko'zim quvnagan kutubxonani, yo'q undanda muhtasham va go'zalrog'ini ko'rish va unda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo'ldim.
Bir oy avval ota-onam bilan poytahtimiz Toshkentga bordik. Garchi tez-tez borib tursak-da, har borganimizda huddi ilk bora kelayotgandek ko'zimiz quvonadi, dilimiz yayraydi. Toshkent nafaqat go'zal va maftunkor, balki uning qalbi bordek tuyilaveradi. Aynan mana shu mehrga to'la qalbi bizni u yerga borishga qayta va qayta undayveradigandek. Har borganimda yangidan yangi ta'surotlarlar bilan qaytaman ammo bu safargi ta'surotlar baridanda unitilmas va zavqli bo'ldi. Ilk bora Alisher Navoiy nomli Milliy kutubxonaga borganimda his qilganlarimni so'z bilan tariflashga men havaskor bloggerning qalami o'tmaslik qilsa kerak, ammo bolalar kabi men ham o'z tilimda, soddaroq bo'lsada quvonchimni siz bilan baham ko'rishga harakat qilmoqdaman. Kutubxonaga kirishim bilan binolarning o'zgacha ulug'vorlik kasb etgani e'tiborimni tortdi. Go'yoki bilmli va dono insonning salobati bosganday. Milliy ruh va zamonaviylik shunchalik uyg'unlashib ketgan-ki, bu binoni boshqacha tarzda, bundanda mukammalroq holatda tassavvur qila olmayman.


Binoga kirishim bilan, ro'yhatdan o'tish joyiga bordim. Atigi 5 daqiqada barcha ma'lumotlarimni kompyuterga kiritib, kutubxonadan bemalol foydalanish huquqini beruvchi ID karta (ruhsatnoma) ni qo'limga berishdi. Bunday tez va sifatli xizmat ko'rsatilishini ko'rib, o'zimni go'yo chet elda yurgandek his qildim. Chindan ham bugunga kelib muhtaram Prezidentimizning "Biz hech kimdan kam emasmiz va hech kimdan kam bo'lmaymiz ham!" degan takidlari o'z isbotini topdi.


Kutubxona 5 qavatdan iborat bo'lib, birinchi qavatda nodir kitob va qo'lyozmalar muzeyi, ma'lumot berish markazi, konfrensiyalar zali joylashgan ekan.
Mening kutubxonaga ilk tashrifim bobomiz Alisher Navoiy tavalludi sanasi arafasiga to'g'ri keldi. Kitoblar muzeyida esa bobokalonimizning qo'lyozma, toshbosma va boshqa tillarda chop etilgan ilk kitoblari ko'rgazmasi bo'layotgan ekan.
Muzeydan bir olam ta'surotlar olgan holda chiqib, binoning har yeriga joylashgan elektron ma'lumot beruvchi apparatlar orqali kutubxona qonun-qoidalari, o'quv zallarining qaysi qavatda joylashganligi haqida ma'lumot oldim. Baribir qiziqish ustunlik qilib, har bir o'quv zaliga birma-bir kirib chiqdim. Ayniqsa, 4-qavatda joylashgan "Jaxon" o'quv zalida vaqtning qanday o'tganini sezmay ham qolibman.
Chet tillariga qiziqqanim uchun ham bu zal meni boshqalaridanda ko'proq o'ziga jalb etdi. Axir jahonning eng nodir adabiyot va qo'llanmalarini asl nusxada mutolaa qilishni kim ham istamaydi deysiz. Bari ertakdagidek, istak bo'lsa bas. Bari muhayyo! Aytganday, kutubxona  binosida bepul internet tizimi va Wi-fidan foydalanishingiz mumkin, ammo daryoning bag'rida suvga na xojat  deganidek, men bunga ehtiyoj sezmadim. :-)
Toshkentda bo'lgan vaqtimiz mobaynida kutubxonaga tez-tez borib turdim va bu be'minnat yahshiliklari uchun qalbimda yurtboshimizga bo'lgan ehtirom yanada yuksalganini his qildim. Chindan ham, Prezidentimizning o'zbek xalqini eng avvalo ma'naviyatli xalq bo'lishini istaganlari va buning uchun shunday shart-sharoitlarni yaratib berganliklari taqsinga sazovor!


Agar siz ham bu kutubxonaga tashrif buyurish va bu ilm maskaning chashmasidan chanqog'ingizni qondirish bahtiga muyassar bo'lgan bo'lsangiz, meni quvonchga boy ta'surotlarimni albatta tushuna olasiz.
                                                                                                                                          Mohinur.

Комментариев нет:

Отправить комментарий