вторник, 24 марта 2015 г.

© Reklama sifat garovi emas!

Assalomu alaykum, aziz Vatandoshim. Bu blogpostni o'qishingizdan avval sizga shuni ma'lum qilmoqchimanki, bu blogpostda yoritmoqchi bo'lgan mavzuyim ancha jiddiy bo'lganligi uchun, bir o'tirishda yozib chiqmadim. Balki, iloji boricha ko'proq izlanishga, fikrlarimga 100% amin bo'lishga harakat qildim. Bu yerda keltirilgan barcha ma'lumotlar haqiqat! Agar o'zingiz uchun oz bo'lsada xulosa chiqara bilsangiz, men ko'zlagan niyatimga yetishdim.


  XXI asr-axborot texnologiyalari asri. Texnika taraqqiyoti shu darajaga yetdi-ki, bir necha asrlar muqaddam insonlar bularni hattoki tasavvuriga ham sig'dira olmagan bo'lsa ne ajab? Atrofingizga boqing, deyarli har bir xonadonda internet tarmog'iga ulangan shahsiy komputer, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo'lganlarning deyarli har birining qo'lida Notebook,Netbook Ultrabook, smartphone,planshet... Ularning turi shunchalik ko'pki, sanab adog'iga yetolmaysan kishi. Bu juda yahshi albatta, uzog'imiz yaqin bo'ldi,og'irimiz yengillashdi,dunyoni taniyapmiz, dunyo bizni tanimoqda! Ammo, har doim tanganing ikkinchi tomoni bo'lgan. Sog'lig'imizchi? Yangi taraqqiyot asri bizga yangidan-yangi "tuhfa"larini hadya etmayaptimikan? Kundan-kunga ko'z ko'rib, quloq eshitmagan kasallikka chalingan bemorlab soni oshib bormoqda. Ular orasida asab va ruhiyat kasalliklari, kuchli stressga tushib qolish, tushkunlikka berilish, tashqi dunyodan ajralish, kamharakatlik oqibatida esa ortiqcha vazn, umurtqa pog'onalarining shikastlanishi, yurak huruji, insult kabilar yetakchi o'rinda turibti. Albatta, bunga muvofiq tarzda tibbiyot ham tez rivojlanmoqda ammo bu kasalliklarning juda ko'piga dori-darmon bilan ham va hattoki tig' bilan ham shifo topib bo'lmaydi. Shunga qaramay dori-darmon ishlab chiqaruvchi farmasevtika firmalarining oshig'i olcha. Ishonmaysizmi? Unda umuman televizor ko'rmas ekansiz, demak radio eshitmaysiz, metro va avtobuslarda yurmaysiz. Atrofingizga boqing, hamma yerni dorilar reklmasi bosib ketdi. Ahir dori-darmonlar kundalik iste'mol qilinadigan mahsulot emas-ki, ularni qayta-qayta namoyish etaverib sog' insonni ham kasal qilishsa. Miya o'z-o'zini kasal qilib, o'z-o'zini davolash kuchiga ega ekanligini zamonaviy tibbiyot allaqachon isbotlab bergan. Agar bir yarim soat bosh og'rig'i haqida o'ylayversangiz, chindan ham boshingiz og'rib qolishi yoki sizga shunday tuyilishi tayin. Umumjahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra bugungi kunga kelib dorilarning soni 100 mingdan o'tib ketdi. Ishonish qiyin bo'lgan juda katta ko'rsatkich to'grimi? Uzoqqa borib nima qilasiz. Oynayi jahon orqali berilayotgan reklamalarning 10 tadan 9 tasi dorilar haqida. Fikrimga yanada to'liqroq ishonch hosil qilish uchun uyimiz yaqinidagi Dorixonaga yo'l oldim. Odam kutganimdanda gavjum ekan. 
E'tiborimni tortgani bosh og'rig'i uchun mo'ljallangan dori vositalarining bozori ancha chaqqon.
      -Kechirasiz, bosh og'rig'i uchun qanday dorilar bor?
      -Bizda bunday dorilar juda ko'p, sinepar, trimol, doleks...
      -O'zingiz boshingiz og'risa qanday dori ichasiz?
      -Dori ichmayman. Iloji boricha ichmaslikka harakat qilaman. Agar bosh og'rig'im vaqt o'tib to'xtamasa, sitramol yoki aspirin bilan kifoyalanaman.
      -Nega? Axir shuncha qimmatroq va samaraliroq dorilaringiz bor-ku?
      -Chunki o'zim farmaseftaman, dorilar tarkibini yahshi bilaman. Deyarli har bitta bosh og'ri'gi dorisi tarkibida diklofenak (Diclophenacum) moddasi bo'lib, bu modda muntazam ravishda iste'mol qilingan taqdirda, oshqozon yarasiga olib kelishi mumkin. Ba'zi farmasevtik kompaniyalar bu moddadan foydalanmagan holda dori ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishmoqda, ammo u dorilar tarkibida qon bosimini oshiruvchi moddalar mavjud.
      Dorixona sotuvchisi o'zim qatori hali yosh ammo tajribali ekanligi gaplaridan sezilib turardi. Unga niyatim haqida aytganimda, hech qanday e'tirozsiz menga ba'zi ma'lumotlarni aytib berdi. Uning gaplariga qaraganda, bugungi dorixonaga keltirayotgan dorilar soni shunchalik ko'pki, hatto malakali farmasevtlar ham gangib qolmoqda.
      Dorixonaga farmasevtika kompaniyasi vakillari tez-tez kelib, o'z mahsulotlari haqida ma'lumot berar, mahsulotining boshqalarga nisbatan ancha sifatli, tez ta'sir ko'rsatuvchi va zararsiz ekanligi haqida aytib, so'rab kelganlarga ko'proq bizning mahsulotimizni tavsiya etsangiz deb hattoki kichik hadyalar ham berib ketishar ekan.
Dorixona devorlari esa ular tashlab ketgan dorilarning reklama yorliqlari bilan to'la edi. Kompaniya vakillari shifokorlar bilan ham kelishib olganmi, ular yozib bergan retseplarda ananaviy, doim qo'llanadigan dorilardan ko'ra endi ishlab chiqarila boshlagan, hali xalq orasida o'z samarini yetarli ko'rsata olmagan, boshqa dorilarga nisbatan ancha qimmatroqlari ko'proq. Istaysizmi-yo'qmi reklama insonlar ongiga kuchli ta'sir eta oladi. Chunki juda ko'p xaridorlar aynan reklama sabab bo'lib, bizdan dori xarid qilishadi. Ba'zilar olib ketgan dorilari samara bermagani aytib, dorini qaytarib olib kelishganida ulardan avval qanday dori iste'mol qilishganini so'raganimizda dozasi va ta'siri hozirgisidan ancha kuchlirog'ini nomini aytishadi. Albatta ta'sir qilmaydida, ahir organizm avval iste'mol qilgan dorisiga o'rganadi va unga bundan kuchsizrog'i ta'sir qilmay qoladi.
      Chindan ham dorixonada dorilar soni juda ko'p edi, e'tiborimni tortgani ularning qutilari bo'ldi. Shunchalik yaltiroq va jimjimadorki, yonimdagi kichik singlim ularni konfet deb o'ylab anchagina xarhasha qildi. Gripp va shamollashga qarshi dorilarning o'zi butun boshli bir javonni egallagandi. Xo'sh, ularning qaysi birini iste'mol qilish kerak. Tog'riroq qilib aytadigan bo'lsak, qaysi birining bizning boshqa organlarimizga zarari kamroq? Reklama qilinayotganlarimi? Men hech hachon reklama sabab bo'lib, dori iste'mol qiladigan insonlarni tushuna olmayman. Dorixonalar-ku, bir nav. Ularda dorilarning sifatiga kafolat bera olishadi ammo ko'chalarda,uylarda, chekka-chekkalarda militsiya hodimlaridan yashirinib, dori sotayotganlarchi? Siz dorixonalardan topa olmaydigan dorilaringiz ham ularda albatta topiladi! To'g'ri, ularda dori dorixonlarga nisbatan ancha arzon. Ammo bu dorilarni sotib olayotganlar nahot dorilarning sifati haqida fikr yuritishmasa?
Axir sizning organizmingiz sinov maydonchasi emas-ki, bilib-bilmay uni har xil dorilar bilan to'ldiraversangiz. Ertaga sog'lig'ingizga jiddiy zarar yetgan taqdirda, eng ko'p zarar ko'radigan aynan o'zingiz bo'lasiz. Hohlang keyin ularni sudga bering, hohlang zararlaringizni qoplating ammo ular sizning o'rningizga 5 daqiqa bo'lsada dard chekib bera olarmikin? Vahima qilib yubordi deb o'ylayapsizmi? Vahima qilishga arziydi-da. Keling sizga fikrimni yorqin misol bilan isbotlab beray.
     1954 yili nemis farmasevt kompaniyalridan biri «Chemie Grunenthal» kompaniyasi "Talidomid" (thalidomide) dorisini sinovdan o'tkaza boshladi. Hayvonlarda sinovdan o'tkazilgan dori vositasi bir qancha fursat davomida aks ta'sirini bermagani uchun dori vositasi mutlaqo "bezarar" dori sifatida, litsenziyaga ega bo'ldi.
 Shundan so'ng Talidomid homilador ayollarning toksikoz vaqtida tinchlantiruvchi dori nomi ostida sotuvga chiqarila boshladi. Dorini iste'mol qilgandan so'ng homilador ayollar o'zini ancha yengil his etayotgani, dori vositasi boshqalarga nisbatan ancha samarali va arzon ekanligini bildira boshlashganidan so'ng bu dori vositasi dunyoning 45 mamlakatida 37 hil nom bilan sotuvcha chiqarildi.Dori kompaniyasi bu dorini reklamasi uchun ancha mablag' sarfladi va bu preparat "Homiladorlik paytida toksikosda yordam beruvchi va tinchlantiruvchi eng yahshi preparat" nomi bilan targ'ib etila boshladi.Oradan hech qancha vaqt o'tmay, Talidomid o'zining ilk sovg'asini berdi!1956-yil 25-dekabrda quloqsiz qizaloq dunyoga keldi. Afsuski, bu boshlanishi edi.
1956-yildan 1962 yilgacha bo'lgan yillar orasida, (shu o'rinda raqamlarga e'tibor bering) shu dorini iste'mol qilgan ayollardan 8000 tadan 12000 tagacha bo'lgan nogiron, qo'l-oyoqsiz yoki qo'l-oyog'i normadan ancha kalta, aqliy zaif chaqaloqlar dunyoga kelgan. Bu raqamlar kichik ko'rsatkich emas. Onalari o'zlarini ayblab, qiynalgani bilan eng katta jabrni norasida go'daklar ko'rgan. Albatta bular jazosiz qolmadi, tegishli shahslar, dorini tekshiruvdan o'tkazgan labaratoriya hodimlari, unga litzenziya berganlar, dorini targ'ib etgan reklamachilar jinoiy javobgarlikka tortilgan. "Chemie Grunenthal" kompaniyasi esa, barcha dori sotuvga chiqarilgan xalq jabrdiydalaridan uzr so'rab, juda katta miqdorda jarima to'lagan.
 Ammo endi bulardan nima naf? Bu pullar nogiron go'daklarning to'laqonli sog'lom hayotga qaytishiga  yordam bera olmasa. Bugunga kelib bu dori vositasidan jiddiy onkologik kasalliklarni davolash maqsadida foydalanib kelinmoqda.Endi taqqoslab ko'ring, eng nozik davr- homiladorlik davri qayoqda-yu, onkologik kasalliklar qayoqda?!
      Uzoqqa borib nima qilamiz, bir paytlar televizorda reklamasi tinmay namoyish etilgan "Rinza" dorisini ichib, juda ko'p bolakaylarning ichidan qon ketib, xirurgiya markazlariga yotkizilganini hamma ham bilmasa kerak!
     
Dori ishlab chiqarayotgan firmalar daromadlarini asosiy qismini reklamalar uchun emas, balki dorini salbiy ta'sirlarini kamaytirishga, uni mukammalroq qilishga, iloji boricha tabiiy dorivor giyohlardan preparatlar yaratishga sarflashsa nur ustiga a'lo nur bo'lardi. Biz kim Ibn Sino avlodlarimiz. "Tib qonunlari" kitobida bizga juda ko'p dardlarning tabiiy shifolari yetib kelgan. Hozirda bu qo'llanmadan butun dunyo dorishunoslari foydalanmoqda. Bizchi? Biz qachon o'zimizni ko'rsatamiz? Inson salomatligi har doim birinchi o'ringa qo'yilgan. Umid qilaman-ki, kun kelib bizning mutlaqo bezarar dori vositalarimizni butun dunyo xalqi ishonch bilan iste'mol qilishadi va dardlariga shifo topishadi.
      Xulosa chiqarish o'zingizga havola, aziz Vatandoshim. Sog'lig'ingizga beparvo bo'lishga sizning umuman haqqingiz yo'q. Chunki siz kimningdir farzandi, kimningdir otasi yoki onasisiz. Unutmang, barcha dardning ibtidosi kamharakatlik va badnafslik.
Harakat- bu hayot degani. Payg'ambarimiz (s.a.v) ham bizga doimo harakatda bo'lishni, o'z tanamiz ustida ishlashni nasihat qilganlar. Muhtaram Shayhimiz Muhammad Sodiq hazratlari ham tez-tez sport zaliga borib, shug'ullanib turganliklari bizga sir bo'lmay qoldi. Biror joyingiz og'risa darrov dorixonaga yugurmasdan, kasallik sababini qidirib ko'ring va albatta shifokor ko'rigidan o'ting.
      Kun kelib xalqimiz orasida "Dori iste'mol qilish madaniyati" ko'nikmasi paydo bo'lsa ne ajab? Shunda boshqa dorilardan tarkibi bilan deyarli farq qilmaydigan, faqat reklamasi hashamdor, qutisi jimjimador dori ishlab chiqarayotgan ba'zi farmasevtik kompaniyalari e'tiborlarini ko'proq sifatga qaratisharmidi?! 
    



 Dori ichishga majbur bo'ladigan kunlarni hayotingizda umuman bo'lmasligi tilab qolaman. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий