четверг, 25 сентября 2014 г.

“Mahluq”ning kutubxonasi!

        Kichikligimda boshqa bolalar singari multfilmlarning ashaddiy shaydosi emasdim. Ammo, bir multfilm, o’sha multfilmdagi bir parcha qalbimda butun umrlik orzu bo’lib qolgan. Televizorda multfilmning aynan ana shu qismini ko’rish uchun ko’z uzmay o’tirardim. Qaysi multfilm deysizmi?


“Sohibjamol va mahluq” multfilmida “Mahluq” ning saroyidagi kutubxona yodingizdami? Minglab, millionlab kitoblarni ko’rib havas qilmay bo’larkanmi? Har ko’rganimda yuragim orziqib ketaveradi. Judayam katta bo’lmasa ham, mo’jazgina kutubxonam bo’lishini judayam orzu qilaman.



 Ayniqsa unda dunyoning durdona asarlari o’zbek va ingliz tilida (hozircha boshqa tilni bilmaymanda :-) nur ustiga a’lo nur bo’lardi. Kutubxonaga kirib olsam bo’lgani, kitoblar olamiga barcha narsani unutib g’arq bo’lgan bo’larmidim? Ahir ularning har biri o’zga olam, o’zga dunyo-ku!

Hozirgi kunda bu orzuni amalga oshirish qiyin emas. Chiroyli va katta kutubxonalar dunyoning har chetida qad rostlamoqda. Ular orasida hattoki men multfilmda ko’rib orzu qilgan kutibxonadan ham go’zalrog’lari borligini internetda ko’rib ko’zlarim quvonib ketdi.  Faqat oradagi masofa….
Bir narsani chin dildan orzu qilgan va intilgan inson bir kun kelib albatta niyatiga yetadi deyishadi. Men bunga ishonaman,kuni kelib dunyo kezganimda boradigan mamlakatlarimdagi birinchi manzilim ularning ziyo maskanlari, dunyoning eng katta kutubxonalari bo’ladi!
Mohinur!

1 комментарий: